Soha yangiliklari

O‘n beshta hududda IT-shaharcha tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.

Davlatimiz rahbari bu haqda o‘tgan yili 20-dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chog‘ida topshiriq bergan edi.

So‘nggi yillarda bu soha juda tez rivojlanib, mutaxassislar va xizmatlar ko‘payib bormoqda. Xususan, 2017-yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingga yaqinlashdi. Ularda 30 ming xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 mingdan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanayapti.

Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz o‘sdi, 200 million dollarlik eksport qilindi, 5 mingta ish o‘rni yaratildi.

Lekin, hududlar kesimida qaraganda, IT xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislarning 80 foizi shu yerda yashaydi.

Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, bunday maskanlar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi. Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar bo‘yicha bepul o‘qitiladi.

Prezidentimiz shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo‘lishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini ta’kidladi. 

– Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu – malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yo‘lda yoshlarga qanot bo‘ladigan, zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan tizim bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rivojlangan davlatlarda IT sanoatni rivojlantirishda startaplarni qo‘llab-quvvatlashdan keng foydalaniladi. Yurtimizda ham bunday loyihalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Lekin  bu borada shaffoflikni oshirish, loyihalarga natijadorlik asosida grant ajratish zarurati mavjud.

Shuning uchun IT ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovini IT-park orqali o‘tkazish taklif etilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu tanlovda ham, xuddi “President Tech Award”dagi kabi, nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Sun’iy intellekt dasturlarini yaratish va qo‘llash bo‘yicha ham muvaffaqiyatli ish olib borilmoqda. Jumladan, biometrik identifikatsiyalash uchun “My ID” tizimi rivojlantirildi. Bugungi kunda 28 ta bank va 5 ta davlat tashkiloti mazkur tizimga ulandi. U orqali 8 million 200 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi.

“Muxlisa” nomli o‘zbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda. Ushbu ishlanmani turli zamonaviy texnika vositalariga o‘rnatish mo‘ljallangan.

Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo‘yicha ham axborot berildi. Bu onlayn platforma orqali iste’molchilar 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Unda 14 tadan ortiq idoralar ma’lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Faylni tanlang