"EMMM" DUK yangiliklari

Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!

Navro‘z – inson va tabiatni asrab-avaylashga, tinchlik, do‘stu birodarlik va hamkorlik kabi umumbashariy qadriyatlarni e’zozlashga chorlaydigan ulug‘ bayramdir.

Ushbu qutlug‘ ayyomda turli nizo va adovatlar, gina-arazlar unutiladi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ahillik tamoyillari yanada kuchayadi.

Ana shunday beqiyos fazilatlari tufayli Navro‘z nafaqat mamlakatimiz, balki butun Sharq olamida zamonlar osha bezavol yashab kelmoqda. Shuning uchun ham Navro‘z yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarini bir oiladek birlashtiradigan go‘zal bayramga aylandi.

Sizlarga ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 21 mart – Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilinib, u YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu sananing jahon miqyosida keng nishonlanishi uning xalqaro nufuzi va ahamiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Mana shu nurafshon ayyomda uzoq-yaqin barcha davlatlarning xalqlariga, xorijiy do‘st va hamkorlarimizga ezgu tabrik va salomlarimizni yo‘llab, ularga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Qadimiy va go‘zal bayramimiz – Navro‘zi olam bilan barchangizni chin dildan tabriklaymiz.

Sharqona Yangi yilimiz har bir xonadonga, jonajon O‘zbekistonimizga tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik, baxtu saodat hamda fayzu baraka olib kelsin!

Jamiki ulug‘vor maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimiz ro‘yobga chiqsin!

Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti hamisha farovon bo‘lsin!

 Navro‘zi olam barchamizga, butun xalqimizga qutlug‘ va muborak bo‘lsin!

Faylni tanlang