"EMMM" DUK yangiliklari

Samarqand turizm markazida zamonaviy DAS tizimi

Ushbu maqolada Samarqand turizm markazida o‘rnatilgan va foydalanilayotgan DAS tizimining ishlash prinsipini tushuntirishga harakat qilamiz. DAS (Distributed Antenna System) - bu taqsimlangan antenna tizimi hisoblanadi. DAS turli jamoat va ijtimoiy obyektlarida, jumladan biznes markazlar, aeroportlar, universitetlar, stadionlar va shifoxonalarda qo‘llaniladi. DAS ushbu hududlarda sifatli mobil aloqa va internetni ta’minlashda juda foydali. DAS shuningdek, telefon tarmoqlariga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, internetni kengaytirish va ovoz sifatini yaxshilash uchun ishlatiladi.  

DAS foydalanuvchilarga bino ichida yoki hududda simsiz ulanishni ta’minlaydigan fazoviy ravishda ajratilgan antennalarni bog‘laydigan birlashtirilgan (konvergentsiya) yagona signal uzatish vositasi sifatida aniqlanadi. Konvergentsiya - bu tizimning,  ovoz, ma’lumot va shu kabilarni bitta kabel orqali uzatish xususiyati. DAS bir vaqtning o‘zida bir nechta provayderlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilishi mumkin. Ular turli chastota diapazonlarida va turli texnologiyalar bilan ishlashga qodir.

DAS tizimi quyidagilardan tashkil topgan:

DASning uch turi mavjud:

    • Passiv

    • Aktiv

    • Gibrid

Passiv DAS

Signalni binoning har bir qavatiga (qoplanishi kerak bo‘lgan hudud) uzatish uchun koaksial kabeldan foydalanadi. U har xil turdagi passiv elementlardan iborat: bog‘lovchilar (couplers), ajratgichlar (splitters) va ajratuvchilar (dividers). Ushbu passiv elementlar har bir qavat uchun signalning “bir qismini oladi”, umumiy signal kuchini taqsimlash muhandislar tomonidan hisoblab chiqiladi va passiv elementlar ushbu hisob-kitoblarga muvofiq tanlanadi. Passiv DAS faol elektron komponentlarga ega emas.

Aktiv DAS

Qurilma kirishidagi radio signal optik signalga aylanadi. Bu jarayon markaziy boshqaruv blokida yoki asosiy qabul qiluvchi - uzatuvchi stansiyada sodir bo‘ladi. Signal optik tolalar orqali masofadan boshqariladigan ichki faol antennalarga uzatiladi.  

Gibrid DAS

Gibrid DAS mobil aloqa tarmog‘i qamrovini kengaytirish uchun kombinatsiyalangan yondashuvdir. Aktiv va passiv DASni birlashtiradi. Ushbu tizim turli muhitlarda aloqani optimallashtirish uchun bir nechta ma’lumotlarni uzatish texnologiyalari va usullarini birlashtiradi. Gibrid DAS keng qamrovni ta’minlash va mobil aloqa sifatini yaxshilash uchun simli va simsiz antennalardan foydalanishi mumkin. U GSM, CDMA, LTE, 5G, Wi-Fi va boshqalar kabi turli xil aloqa texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa ko‘p funksiyali va moslashuvchan foydalanishni ta’minlaydi. Gibrid DAS uyali aloqa tarmoqlari yoki Internet-provayderlar kabi tashqi tarmoqlar bilan birlashtirilishi mumkin, bu esa xizmatlarning sifatini yaxshilaydi. 

DAS tizimini o‘rnatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-sonli qarorining 2-ilovasi “Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish) va (yoki) o‘rnatish (qurish), olib kirish, foydalanishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risida” nizomning 5-bob 56-moddasiga asosan, bino ichida aloqani tashkil etish maqsadida mobil aloqa operatorlari uchun ajratilgan radiochastota polosalarida mobil aloqa tayanch stansiyasining effektiv izotrop nurlanish quvvati 500 mVt dan oshmagan holda foydalanish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilmaydi, bunda radiochastota spektridan foydalanuvchi tomonidan mobil aloqa tayanch stansiyasining qurilish-montaj ishlarini boshlashdan oldin o‘rnatilish joyi va asosiy texnik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘n ish kunida EMMMga xabarnoma shaklida taqdim etadi.

Hozirgi kunda Samarqand turizm markazidagi yirik mehmonxonalar, “Congress Hall” saroyi va boshqa binolar aktiv DAS tizimi yordamida sifatli mobil aloqa va mobil internet bilan ta’minlangan. Buning natijasida Samarqand turizm markaziga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy turistlar sifatli mobil aloqadan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar.

 

Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX 1-toifali muhandislari A.A. Olmasov va A.A.Urazov.

Faylni tanlang