EMMM yangiliklari

21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni!

photo2026-10-2116-57-12.jpg

Elektromagnit moslashuv markazi barcha yurtdoshlarimizni 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etadi!

O‘zbek tili — millatimizning ruhi, xalqimizning bebaho ma’naviy merosi, milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsolidir. Ona tilimiz asrlar davomida xalqimizning tarixi, urf-odatlari, qadriyatlari va boy madaniyatini o‘zida mujassam etib, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ulug‘ ne’matdir.

1989-yil 21-oktabrda O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi mamlakatimiz tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda davlat tilining nufuzini oshirish, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash hamda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeyini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat tiliga hurmat va e’tibor — Vatanga, tariximizga bo‘lgan hurmatning yorqin ifodasidir. Shu bois ona tilimizning sofligini asrash, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish, yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltirish har birimizning mas’uliyatli vazifamizdir.

Ayniqsa, davlat tashkilotlari faoliyatida davlat tilida ish yuritish, rasmiy hujjatlarda adabiy til me’yorlariga rioya qilish, ishbilarmonlik va muloqot madaniyatini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tilga e’tibor — elga e’tibor, uning ravnaqi yo‘lidagi har bir sa’y-harakat esa milliy taraqqiyotimizga qo‘shilgan munosib hissadir.

Barchamiz uchun aziz bo‘lgan ona tilimiz hamisha e’zozda bo‘lsin! Uning jozibasi, boyligi va betakrorligi yanada namoyon bo‘lib, kelgusi avlodlar qalbida ona tiliga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari tobora mustahkamlanaversin. 

Ona tilimiz — milliy iftixorimiz, ma’naviy boyligimiz va kelajagimiz poydevoridir!

Faylni tanlang