Soha yangiliklari

AI Talks O‘zbekistonda boshlandi: ochiq, samimiy va bahsli muloqotlarga yo‘l ochildi

Toshkent shahrida sun’iy intellekt mavzusini yangi formatda muhokama qilishga bag‘ishlangan “AI Talks” loyihasining ilk tadbiri bo‘lib o‘tdi. IT Park University, American University of Technology (AUT), IT Park Uzbekistan hamda EPAM kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu loyiha sun’iy intellekt haqida ochiq va jonli muloqotlar uchun muntazam platforma sifatida yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tkazildi va turli sohalardagi talabalar, o‘qituvchilar, IT mutaxassislar hamda ekspertlarni birlashtirdi. Ular birgalikda muhim savol ustida fikr almashdilar: “Sun’iy intellekt – do‘stmi yoki dushman?”

“AI Talks” an’anaviy konferensiya formatidan voz kechib, o‘ziga xos “oshxona muhiti”da o‘tkazildi — ishtirokchilar erkin tarzda qahva ustida suhbatlashib, jonli bahs va auditoriya bilan savol-javoblar orqali muloqotga kirishdilar. Muhokama davomida quyidagi savollar dolzarb mavzuga aylanishdi:

AI nima va u qanday o‘rganadi?
AI agentlari mustaqil qaror qabul qila oladimi?
Sun’iy intellekt ta’lim tizimini qanday o‘zgartiradi?
Dasturchilar kelajakda o‘z ahamiyatini yo‘qotadimi?
Inson tafakkuri algoritmlarga qarshi tura oladimi?
Tadbirda asosiy spikerlar sifatida quyidagilar ishtirok etdilar:

Boxodir Ayupov, IT Park University bosh direktori — moderator
Dr. Rajan Tripathi, AI Innovation Lab direktori (AUT)
Prof. Said Irandoust, AUT rektori
Renat Axtyamov, EPAM Uzbekistan rahbari
Marina Ten, EPAM Uzbekistan HR direktori
Tadbir yakunida “Inson va AI” mavzusida bahsli sessiya o‘tkazilib, unda ishtirokchilar faol ishtirok etdilar va o‘zlarining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“AI Talks” loyihasi endilikda sun’iy intellekt mavzusini jamiyat, texnologiya va ta’lim nuqtayi nazaridan muntazam muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Navbatdagi mavzu — “AI va ijodkorlik” deb belgilandi. 

Faylni tanlang