EMMM yangiliklari

“An’ana, urf odat va qadriyat”

Navro‘z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona!

Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Bu bayram qadim-qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, elimizni, yurtimizni ulug‘lab kelayotgan bayram.

photo2026-03-2416-25-22.jpg

Biz har yili bu ayyomni zo‘r tantanalar bilan nishonlaymiz. Har yili uning yangidan-yangi qirralarini, asrlar bo‘yi sir-sinoat bo‘lib kelayotgan jihatlarini kashf etib boraveramiz. Tarix bu shunchaki raqamlardangina iborat emas. U har bir xalqning tushuncha va tasavvurlari, quvonchu tashvishlari, orzu umidlarini ham ifoda etadi. Aytishimiz mumkinki, mustaqillik davrida Navro‘z tamomila yangicha mazmun va mohiyat kashf etdi. Xalqimiz hayotidan o‘zining munosib o‘rnini egalladi.

Chunki qadimda Navro‘z keng dala qirlar, tog‘lar, bog‘lar qo‘ynida butun elu ulus bilan birgalikda nishonlangan. Bunday sayllarda oddiy dehqon ham, amaldor ham barchasi birdek ishtirok etgan, Navro‘zning tantanali kutib olinishiga o‘z hissasini qo‘shgan. El, ulus bilan birlikni, totuvlikni yana bir karra his qilgan.

Navro‘z bayramining kelib chiqishi haqidagi manbalar haqida 

Navro‘z haqida tarixiy, adabiy manbalar ko‘p. Mahmud Qoshg‘ariy, Beruniy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning asarlarida va boshqa manbalarda Navro‘z bayrami, u bilan bog‘liq urf-odatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar» deb nomlangan asarida bu bayramga katta o‘rin ajratadi. Uning kelib chiqishi, tarixi haqida fikr yuritadi. Biroq, eng bu muhimi bu azaliy qadriyatning bizning kunimizgacha yashab kelayotgani, Navro‘z bilan bog‘liq an’ana, urf-odat va marosimlarning hamon elimizning ardog‘ida ekanligining o‘zi eng ishonchli va mu’tabar manbadir.

photo2026-03-2416-25-28.jpg

          Ma’lumki mavsumiy marosimlar dunyoning barcha xalqlari orasida eng ko‘hna tasavvurlar bilan bog‘liq holda paydo bo‘ladi. Ular xar bir xalq yashayotgan hududning shart – sharoiti, ob – havosi, xalqning turmush tarzi va boshqa bir qator faktorlar bilan bog‘liq ravishda shakllanib rivojlanadi. Xalqning asl, azaliy bayramlari birinchi galda uning folklorida o‘z aksini topadi.

Yil fasllarining almashinuvi bilan bog‘lik bilim va tajribalari, taqvim va hisoblari avloddan – avlodga turli aytim, maqol, matal, topishmoq, naql va afsonalar shaklida meros bo‘lib o‘tadi. Bayram marosimlarida ijro etiluvchi qo‘shiqlarda esa uning mazmun – mohiyati betakror metafora va o‘xshatishlar orqali, timsoliy tarzda ifoda etilganligini kuzatamiz. Davrlar o‘tishi bilan ularning ba’zilari marosimlardan uzilib, turli o‘rinlarda, turlicha ijro etilayotgan bo‘lsada, bayram tizimini yaxlit tasavvur etishga yordam beradi.

photo2026-03-2416-25-32.jpg

Aynan ko‘klam paytida fasllar almashinuvi, tabiatning qayta tirilishi, uni jonlantirish bilan bog‘liq «Qozon to‘ldi» kabi qadimiy marosimlar, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish tomoshalari, polvonlar kurashi, baxshilar bellashuvi, sumalak, lola sayllari bo‘lib o‘tgan. Ushbu marosim va sayllar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilni qutlab, uning qut-barakali o‘tishini Yaratgandan so‘rash, turli o‘yin, harakat, qo‘shiqlar asosida kelayotgan yilning qanday bo‘lishini chamalab ko‘rishga xizmat qilgan. Ushbu e’tiqod va u bilan bog‘liq marosimlar tizimi elimiz orasida bugungi kungacha yashab kelmoqda.

Navro‘z haqidagi afsonalarning birida ajdodlarimiz temir qoyani eritib, yangi makonga chiqqanligi, shu kunni yangi kun, yilning boshi, deb atagani aytiladi.

Temir qoyaning eritilishi, temirchilik sirlarining kashf etilishi bu albatta o‘z davri uchun katta bir inqilob, yangi bir tamaddunning boshlanishi edi.

Bugun insoniyat texnika taraqqiyotida juda ilgarilab ketdi, yuksak bir sivilizatsiyaga erishdi. Ana shu evrilishlarda, ana shu tamaddunda qachonlardir omoch haydab, tabiat, koinot haqida tafakkur qilgan ajdodlarimizning ham ulkan hissasi borligini, bu o‘lka hamisha ilmu ma’rifat, madaniyat va tafakkur beshigi bo‘lib kelganligini unutmasligimiz lozim.

Navro‘z bu tun bilan kun teng kelgan kundir. Bobokalonlarimiz, aynan mana shu kuni samoviy jismlar harakatida ulkan burilish yasaladi, tabiatda jonlanish yuz beradi deb, uqtirib kelishgan. Zamonaviy ilm-fan bu qarashlar, bu hayotiy bilim mukammal darajadagi aniqlikka ega ekanligidan hamon hayratga tushmoqda?!

Navro‘z bilan bog‘liq qarashlar bu ulusning qadimiy bilim, ulkan hayotiy tajribasi edi. Davrlar o‘tishi bilan bu bilim tizimga solinib, hayotlariga uyg‘un, hamohang holda ezgu qadriyat sifatida avlodlarga meros qoldirilgan. Biz Navro‘zni qancha ko‘p o‘rgansak uning tarixi shunchalar teran ekanini yanada ko‘proq anglab boraveramiz.

Navro‘z haqidagi afsonalarning birida ushbu ayyom kunida davlat qushi uchirilib, u kimning boshiga qo‘nsa o‘shani shoh etib saylaganlari haqida so‘z yuritiladi. Aslida bu davlatchilik haqidagi qarashlarning ilk kurtaklari edi. Bu yurtda, bu tuproqda Amir Temur davlati kabi ulkan saltanat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Buning zamini juda olis zamonlarga, ajdodlarimiz o‘z qadriyatlarini ulug‘lab, uni Navro‘z deb atalgan qomusiy bir tizimga sola boshlagan davrlarga borib taqaladi. Navro‘z shunchaki bir bayram emas, bu xalqimizning jipslashishi, davlatchilik tushunchalarining shakllanish jarayoni bilan chambarchas bog‘liq ulkan qadriyatdir.

Dunyo xalqlari turli taqvimlarga amal qilishadi. Bu taqvimlarning eng qadimiysi Sharq xalqlari amal qilib kelayotgan oy, quyosh, yulduzlar harakatiga asoslangan taqvimdir. Navro‘z bilan bog‘liq qarashlarning asl mohiyatida o‘zi nima yotadi, degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Uning ibtidosida yovuzlik ustidan ezgulikning, tun ustidan kunning, zulmat ustidan yorug‘likning tantanasini ko‘ramiz. Bu kurash navro‘z bilan bog‘liq afsona, rivoyat, qo‘shiq, maqol va aytimlarning qat-qatida turli xil obrazlarda, ramzlarda muhrlanib qolgan.

Navro‘z — 3000 yildan ortiq tarixga ega, sharq xalqlarining eng qadimiy, yangilanish va bahor bayramidir. U tabiat uyg‘onishi, mehnatsevarlik, mehr-oqibat hamda inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ulug‘laydi. Bayram sumalak sayli, hasharlar, milliy taomlar tayyorlash va ko‘pkari kabi urf-odatlar bilan nishonlanadi. 

Navro‘z bilan bog‘liq asosiy an’ana va qadriyatlar:

Sumalak sayli: Navro‘zning ramzi hisoblangan sumalak tayyorlash va uni qo‘ni-qo‘shnilarga ulashish.

Hashar va tozalik: Bahor kelishi bilan ko‘chalarni tozalash, daraxtlar ekish, eski narsalarni chiqarib tashlash.

Mehmondo‘stlik va saxovat: Bayram kunlari yaqinlarni yo‘qlash, yordamga muhtojlar holidan xabar olish va dasturxon yozish.

Milliy taomlar: Dasturxonga sumalak, ko‘k somsa, halim, ko‘k chuchvara kabi bahoriy taomlarni tortish.

Xalq o‘yinlari: Ko‘pkari, kurash, arqon tortish kabi milliy sport o‘yinlari va dorbozlar chiqishlari. 

Navro‘z nafaqat bayram, balki ota-bobolarimizdan qolgan ma’naviy meros, urf-odat va qadriyatlar majmuasidir.

photo2026-03-2416-25-37.jpg

Faylni tanlang