Bugungi kunda jamiyatimiz taraqqiyotiga to‘g‘onoq bo‘layotgan mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, loqaydlik va korrupsiya kabi illatlarga barham berish, shuningdek, fuqarolarda el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish har birimizning asosiy vazifamizdir. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida joylarda tizimli targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyati EMMX xodimalari uchun adliya xodimlari ishtirokida muhim mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Elektromagnit moslashuv markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha 2026-yil uchun mo‘ljallangan yillik taqvim rejasi ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur rejadagi “El-yurt mahalliychilik, taqdiriga loqaydlik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya kabi illatlarga barham berishga qaratilgan tadbir” mavzusi yig‘ilishning asosiy o‘zagini tashkil etdi.
Uchrashuvda Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasining mas’ul xodimlari — Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo'yicha bosh maslahatchi Mirzayev Sherxon Shodiyevich hamda Huquqiy axborot sho‘basi bosh maslahatchisi Qulmatov Umidjon Panjiyevichlar ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha ma'ruza qildilar.
Muloqot davomida soha mutaxassislari jamiyatda korrupsiya holatlarining oldini olish, qonun ustuvorligini ta’minlash va xizmat faoliyatida halollik tamoyillariga qat'iy rioya qilish zarurligini ta'kidladilar. Shuningdek, mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlar nafaqat idoralar faoliyatiga, balki umumiy rivojlanishga ham jiddiy putur yetkazishi, atrofdagilarga nisbatan loqaydlik va befarqlik esa har qanday huquqbuzarlikka zamin yaratishi hayotiy misollar asosida tushuntirildi.


Tadbir yakunida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga adliya boshqarmasi mas’ullaridan batafsil huquqiy javoblar olib, kelgusida ham bunday ma’rifiy uchrashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Ushbu kabi ochiq muloqotlar jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi J.Islamov