
Oʻzbekistonda davlat tilining nufuzini oshirish, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishni oʻzbek tilida samarali tashkil etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son “Respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qaror davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etish hamda oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, respublika darajasidagi davlat organlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgan. Maslahatchilar faoliyatini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi.
Maslahatchilarning asosiy vazifalaridan biri davlat tili va geografik obyektlarga oid qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish, tashkilotlardagi hujjatlarda davlat tili qoidalari va meʼyorlariga amal qilinishini nazorat qilishdan iborat. Shuningdek, bu yoʻnalishdagi kamchilik va muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini koʻrish belgilangan.
Qarorning mazmun-mohiyati davlat tilida ish yuritishni yangi bosqichga olib chiqish, davlat tashkilotlarida adabiy til meʼyorlariga rioya qilish, hujjatlarning sifatini oshirish va oʻzbek tilining davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur hujjat davlat tiliga hurmatni kuchaytirish bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining bu boradagi masʼuliyatini ham oshiradi. Zero, davlat tiliga eʼtibor — milliy qadriyatlarimiz va maʼnaviyatimizga eʼtibor demakdir.
Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S.Raimdjanov.