Joriy yilning 16-fevral kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasida 2025-yil yakunlari hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi D.T.Rustamov, Radiochastota spektridan foydalanishni tartib solish bo‘limi boshlig‘i D.X. Dusmatov, korxona rahbariyati va markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari hamda hududiy tuzilmalar boshliqlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni korxona rahbari R.P. Mansurov ochib berdi. U o‘z so‘zida xizmatlar faoliyatini takomillashtirish, sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, raqamli yechimlar orqali ish jarayonlarini avtomatlashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda resurslardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, korxonaning 2025-yildagi faoliyati yakunlari va 2026-yilda amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalar to‘g‘risida boshliqning birinchi o‘rinbosari A.A. Kadirov batafsil ma’ruza qildi. Hisobotda soha oldida turgan dolzarb vazifalar, amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar borasida so‘z yuritildi.

Yig‘ilish davomida quyidagi bo‘lim va hududiy tuzilmalar rahbarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hisobotlar bilan ishtirok etdilar:
• Radionazorat va texnik rivojlanish xizmati boshlig‘i – A.K. Kaxramonov;
• Axborot xavfsizligini ta’minlash xizmati boshlig‘i – B.A. Abdunazarov;
• Navoiy viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati boshlig‘i – E.N. Segelnyuk;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati boshlig‘i – I.K. Reimov.

Ular tomonidan o‘tgan yil davomida bajarilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.


Shuningdek, yig‘ilishda soha faoliyatining bugungi holati va istiqbollari haqida Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi D.T. Rustamov ma’ruza qildi. Unda elektromagnit moslashuv yo‘nalishining mamlakat raqamli infratuzilmasini rivojlantirishdagi o‘rni, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tizimli islohotlar yuzasidan muhim fikrlar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida korxona boshlig‘i R.P. Mansurov so‘zga chiqib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan yakuniy xulosalar berdi. U o‘z nutqida korxona faoliyatini yanada takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalar ishlab chiqilganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida mas’ul bo‘linmalar rahbarlari hamda tegishli xodimlarga aniq topshiriqlar yuklatilib, ularning ijrosi doimiy nazoratga olinishi qayd etildi. Korxona boshlig‘i barcha xodimlarni belgilangan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishga, jamoaviy hamkorlikni kuchaytirishga va erishilgan natijalarni yanada mustahkamlashga chaqirdi.
Shuningdek, kun tartibining ikkinchi qismida “EMMM” DUKning 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur yig‘ilishda korxona rahbari R.P. Mansurov, boshliq o‘rinbosarlari, Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi V. Litvinova boshchiligida markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari hamda hududiy tuzilmalar boshliqlari ishtirok etdilar.

Kun tartibiga muvofiq, Jamoa shartnomasi loyihasiga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, 3 ta muhim o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Muhokamalar yakunida Jamoa shartnomasiga kiritilayotgan mazkur 3 ta o‘zgartirish markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari hamda hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan bir ovozdan ma’qullanib, tasdiqlandi.

Bundan tashqari, kun tartibida tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari bilan quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi:
1. Axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik hamda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar;
2. Korxonada energiyadan oqilona foydalanish, energiyani tejash, energiya samaradorligini oshirish, shuningdek energiya menejmenti va energiya auditini joriy etish masalalari;
3. Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining asosiy qoidalari;
4. Mehnat va ijro intizomini mustahkamlash, ichki tartib-qoidalariga rioya etish va mas’uliyatni oshirish choralari.

Yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbir so‘ngida jamoa tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Hisobotlar asosida 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olinib, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq rejalar ishlab chiqildi.
Tayyorladi: Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar mutaxassisi - N. Obidova