Joriy yilning 13-avgust kuni Elektromagnit moslashuv markazida markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmati (EMMX) xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv soati tashkil etildi.

Mazkur o‘quv soatining asosiy maqsadi xodimlarning huquqiy va kasbiy bilimlarini yanada oshirish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, xizmat vazifalarini bajarishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish hamda davlat xizmatchilarining mas’uliyatini kuchaytirishdan iboratdir.

O‘quv mashg‘uloti davomida kun tartibidan o‘rin olgan mavzular bo‘yicha mas’ul xodimlar va mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot hamda amaliy tushuntirishlar berildi.
Dastlab, Davlat xavfsizlik xizmati xodimi B.Sh. Shavkatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-noyabrdagi 658-son “O‘zbekiston Respublikasida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi.


Ta’kidlanganidek, bugungi kunda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan turli sohalarda keng foydalanilayotgani sababli ularni belgilangan tartibda qo‘llash, xavfsizlik talablariga rioya etish hamda tegishli ruxsat va cheklovlardan xabardor bo‘lish muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur masala yuzasidan xodimlarga uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish bilan bog‘liq qonunchilik talablari, mavjud tartib-taomillar va xavfsizlik masalalari yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi.

Shundan so‘ng, Ish yuritishni boshqarish va ijro intizomini nazorat qilish xizmati yetakchi muhandisi R. Ganiyev jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha qo‘llanma yuzasidan ma’ruza qildi.
U o‘z chiqishida murojaatlarni belgilangan tartibda qabul qilish, ularni o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish, murojaat mualliflariga asoslantirilgan javoblar tayyorlash, topshiriqlarning ijrosini nazorat qilish hamda belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, ijro intizomi davlat tashkilotlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani, har bir topshiriqning o‘z vaqtida, sifatli va mas’uliyat bilan bajarilishi tashkilot faoliyati samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.

Navbatdagi mavzu doirasida Maxsus ishlar bo‘yicha yetakchi muhandis O. Raximbayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi.

Ma’ruzada davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat faoliyati davomida odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, hamkasblar, fuqarolar va tashkilotlar vakillari bilan muloqotda muomala madaniyatini saqlashi, xizmat mavqeidan to‘g‘ri foydalanishi hamda o‘z xatti-harakatlari bilan davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi zarurligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, davlat xizmatchisining kasbiy faoliyatida halollik, xolislik, mas’uliyat, intizom va fuqarolarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi tamoyillar muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Odob-axloq qoidalariga rioya etish nafaqat xodimning shaxsiy madaniyatini, balki u faoliyat yuritayotgan tashkilotning nufuzi va jamoatchilik oldidagi obro‘sini ham belgilashi haqida fikrlar bildirildi.

O‘quv soati yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzular yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, mutaxassislarga tegishli savollar berildi. Berilgan savollarga amaldagi qonunchilik talablari va xizmat faoliyatidan kelib chiqib batafsil javoblar qaytarildi.

Bunday o‘quv soatlarini muntazam tashkil etish xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, xizmat vazifalarini bajarishda mas’uliyat va intizomni kuchaytirish, qonunchilikdagi yangiliklardan muntazam xabardor bo‘lish hamda ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.

Elektromagnit moslashuv markazida xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini izchil davom ettirish, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va xizmat faoliyatining samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.