Joriy yilning aprel oyi davomida Xorazm viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlarining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, ularning xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida Xorazm viloyati FVB Xayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi xodimlari tomonidan 24 soatlik amaliy-o‘quv seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, ularning kelib chiqish sabablari hamda oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, zilzila, suv toshqinlari, yong‘inlar, sanoat avariyalari va atrof-muhit bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish tartibi tushuntirildi.

Shuningdek, o’quv-mashg‘ulotlari jarayonida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhim ko‘nikmalar ham o‘rgatildi. Ishtirokchilar jarohatlanganlarga dastlabki yordam ko‘rsatish, qon ketishini to‘xtatish, sun’iy nafas berish va yurakni tashqi massaj qilish kabi amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etdilar.

Seminar davomida amaldagi qonunchilik hujjatlari ham alohida e’tiborga olindi. Fuqarolar muhofazasi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasidagi hozirgi kundagi qonun va me’yoriy hujjatlar mazmuni mutaxassislar tomonidan sodda va tushunarli tarzda izohlandi.
Bunday amaliy-o‘quv seminar mashg‘ulotlar korxona xodimlarining ogohlik darajasini oshirish, ularning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tayyorladi: Xorazm viloyati EMMX muhandisi U.Xamrayev