Joriy yilning 11-iyun kuni Elektromagnit moslashuv markazida 26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan “Giyohvandlikka qarshi immunitet” mavzusida ma’rifat soati tashkil etildi.

Mazkur tadbir sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlik va boshqa zararli illatlarning oldini olish, shuningdek, xodimlarning bu boradagi bilim va tushunchalarini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda Elektromagnit moslashuv markazi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari vakillari faol ishtirok etdilar. Ma’rifiy tadbir davomida giyohvandlikning inson salomatligi, oilaviy muhit va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning kelib chiqish omillari hamda mazkur illatning oldini olishda davlat va jamoatchilikning o‘rni haqida atroflicha fikr yuritildi.

Tadbirga taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Jahongir Meliqo‘ziyev o‘z ma’ruzasida giyohvandlikning nafaqat tibbiy yoki huquqiy, balki ma’naviy-axloqiy muammo ekanligini alohida ta’kidladi. U yoshlarni turli yot g‘oyalar va zararli odatlardan asrashda oilaning, ta’lim muassasalarining, mehnat jamoalarining hamda keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Shuningdek, ma’ruzachi tomonidan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ma’naviy qadriyatlarga sodiqlik, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning ijtimoiy faolligini oshirish giyohvandlikka qarshi samarali immunitetni shakllantiruvchi asosiy omillardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning inson organizmiga yetkazadigan zararli oqibatlari, ularning noqonuniy muomalasi uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari hamda bu illatning oldini olish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham ma’lumotlar berildi.

Muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida xodimlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir ishtirokchilari giyohvandlikka qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyati muhim ekanini, ayniqsa yosh avlodni zararli odatlardan himoya qilish va ularda sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan intilishni kuchaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar.

Ma’rifat soati yakunida giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo‘lib qolmasdan, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati ekanligi, bu boradagi profilaktik va targ‘ibot tadbirlarini izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.