Soha yangiliklari

My.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 15-iyuldagi PQ–265-son qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, elektron davlat xizmatlari ommabopligini oshiriladi va fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda.

Yagona portalda yangi xizmatlar

2026-yil 1-oktabrdan boshlab yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da quyidagi xizmatlar joriy etiladi:

 

– jismoniy va yuridik shaxslarga o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va avtotransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish.

– Bunda taqiq jismoniy shaxslar tomonidan Face-ID vositasida identifikatsiyadan o‘tgan holda, yuridik shaxslar tomonidan esa ularning muassislari (ishtirokchilari, aksiyadorlari) umumiy yig‘ilishining qarori asosida elektron raqamli imzo orqali qo‘yiladi;

– fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari to‘g‘risida ma’lumot olish va ushbu jarayonni boshqarishning quyidagi imkoniyatlarini yaratish:

– telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish (faollashtirish) va o‘zi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish haqida arizalar kiritish;

 telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida ma’lumot olish;

– bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;

– fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish.

 

My.gov.uz’da davlat xizmatlari uchun virtual to‘lov kartasi ochish mumkin bo‘ladi


Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrga qadar Yagona portalda fuqarolar uchun o‘z xizmatlarini taklif etayotgan tijorat banklarining virtual to‘lov kartasini tanlov asosida ochish va o‘zining bank plastik kartasini biriktirish, ushbu kartalar orqali davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan mablag‘larni yoxud davlat xizmatini ko‘rsatishni kechiktirganlik (asossiz rad etganlik) uchun to‘lovlarni avtomatik tarzda o‘zining kartasiga qaytarish imkoniyati joriy etiladi.

Shu bilan birga, fuqarolardan Yagona portalda virtual to‘lov kartasini ochish, uni tegishli tijorat banklarining infratuzilmasidan foydalangan holda mablag‘ bilan to‘ldirish va virtual to‘lov kartasidagi pul mablag‘larini o‘ziga tegishli bank plastik kartalariga o‘tkazish uchun komissiya to‘lovlari undirilmaydi.

Voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Birlamchi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi

2026-yil 1-oktabrdan boshlab, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda:
– birlamchi ma’lumotlarni o‘zgartirgan adliya organi bu haqda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali ushbu ma’lumotlar bilan ishlovchi davlat organlariga xabarnomalar taqdim etadi va tegishli elektron shakldagi hujjatlarga fuqarolarning qo‘shimcha arizalarisiz o‘zgartirish kiritadi;

– jismoniy shaxsga Yagona portal orqali uning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganligi haqida real vaqt rejimida ma’lumotnoma beriladi;

– jismoniy shaxsning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganligi haqidagi ma’lumotnoma asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi.


Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalari bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi

Fuqarolarning reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida 2026-yil 1-noyabrdan boshlab quyidagicha tartib o‘rnatiladi:
 

- mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligi olingandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;

- mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimida shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi;

- reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;

- mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklanadi;

- mazkur bandda belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
Faylni tanlang