Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, davlat va fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazadigan eng xavfli illatlardan biridir. U qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga putur yetkazib, jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning muhim vazifamizdir.

Korrupsiyaning oldini olish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish va unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida joriy yilning 27-avgust kuni Jizzax viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida Jizzax shahar Adliya bo‘limi bosh yuristkonsulti J.F.Hayitov ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda korrupsion holatlarning oldini olish masalalari haqida xodimlarga ma’lumot berildi. Shuningdek, xizmat faoliyatida qonuniylik, halollik va shaffoflik tamoyillariga rioya qilish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyati muhim ekanini qayd etdilar.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Halollik va qonuniylik ustuvor bo‘lgan jamiyatgina barqaror taraqqiy etadi.
Jizzax viloyati EMMX
2-toifali tarmoq muhandisi X.A.Israilov