
Oʻzbekistonda korrupsiyaning oldini olish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi tizim joriy etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 1-iyuldagi 95-son buyrugʻi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi (2026-yil 24-iyulda Adliya vazirligida 3906-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi).
Mazkur Nizom davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi. Nizomning asosiy maqsadi davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish borasidagi faoliyatini aniq mezonlar asosida baholash va sertifikatlashtirishdan iborat.
Baholash yettita asosiy yoʻnalishni qamrab oladi. Bular — ochiqlik va shaffoflik, jamoatchilik nazorati, korrupsiyaviy xavflarni boshqarish, xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishi, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, korrupsiyaga qarshi ichki mexanizmlar hamda ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatining samaradorligi.
Tashkilotlar faoliyati 100 ballik tizimda baholanadi. 81–100 ball — “yaxshi”, 55–81 ball — “qoniqarli”, 55 balldan kam natija esa “qoniqarsiz” hisoblanadi. “Yaxshi” baholangan tashkilotga uch yil muddatga Milliy sertifikat beriladi. “Qoniqarli” natija qayd etilganda esa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir oygacha muddat beriladi.
Milliy sertifikatlashtirish tizimining joriy etilishi korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat hujjatlar bilan cheklanib qoladigan jarayondan amaliy natijadorligi baholanadigan tizimga aylantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, davlat boshqaruvida inson omilini kamaytirish, raqamlashtirishni kengaytirish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Milliy sertifikatlashtirish tizimi davlat organlari va tashkilotlarida halollik, ochiqlik va shaffoflik muhitini mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni oʻz vaqtida aniqlash va ularning oldini olishga xizmat qiladigan muhim mexanizmdir.
Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S.Raimdjanov.