2026-yilning 17-fevral sanasida Jizzax viloyati EMMX binosida Jizzax viloyati IIB Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi katta tezkor vakili mayor V.Eshbekov hamda IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi katta leytenant J.Xoshimovlar ishtirokida Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish — korrupsiyasiz kelajak garovi mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida, bugungi kunda dunyo hamjamiyati korrupsiyaga qarshi kurashishni nafaqat huquqiy, balki ma’naviy va iqtisodiy barqarorlikning asosiy sharti deb bilishi, O‘zbekistonda ham bu borada tizimli islohotlar amalga oshirilayotganligi haqida fikr bildirildi. Korrupsiyaning ildiz otishiga sharoit yaratuvchi eng xavfli omillardan biri esa — manfaatlar to‘qnashuvi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Manfaatlar to‘qnashuvi — bu mansabdor shaxsning shaxsiy manfaatlari (oilaviy, moliyaviy yoki tijoriy) uning xizmat vazifalarini xolis va adolatli bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan vaziyatdir.
Manfaatlar to‘qnashuvining o‘zi hali korrupsiya emas, lekin u o‘z vaqtida tartibga solinmasa, muqarrar ravishda korrupsion jinoyatga yo‘l ochadi.

Suhbat davomida, Korrupsiyasiz kelajakni faqat qonunlar bilan qurib bo‘lmasligi, buning uchun har bir davlat xizmatchisida “halollik vaksinasi” bo‘lishi, jamoatchilikda esa “murosasizlik” hissi shakllanishi lozimligi aytib o‘ildi. Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish — bu shunchaki tartib-taomil emas, bu adolatli jamiyat qurishning poydevori ekanligi ta’kidlandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, shaxsiy manfaatni umumxalq manfaatidan ustun qo‘ymaslik — taraqqiyotning yagona yo‘lidir. Shaffoflik bor joyda korrupsiyaga o‘rin qolmaydi.
Davra suhbati so‘ngida, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion harakatlarga barham berish maqsadida hukumat, vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar va ularning hayotga tadbiq etilishi yuzasidan fikr va mulohazalar tinglandi.
Jizzax viloyati EMMX 1-toifali muhandisi B.B.Raximov