
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentabrdagi 505-son qarori bilan mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish, shuningdek, bunday hodisalar oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi takomillashtirildi. Mazkur qaror xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, baxtsiz hodisalarni o‘z vaqtida va xolis tekshirish hamda jabrlangan shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Qaror bilan “Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tartibi haqida nizom” tasdiqlandi. Ushbu nizom ishlab chiqarish jarayonida, xizmat vazifalarini bajarish vaqtida, xizmat safari davomida, ish beruvchi tomonidan ajratilgan transport vositasida harakatlanish vaqtida hamda mehnat faoliyati bilan bog‘liq boshqa holatlarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibini belgilaydi.
Baxtsiz hodisa sodir bo‘lganida ish beruvchi jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilishini tashkil etishi va zarur hollarda uni tibbiyot muassasasiga yetkazishi lozim. Shuningdek, boshqa xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, hodisa joyidagi vaziyatni esa tekshiruv boshlanguniga qadar imkon qadar o‘zgartirmasdan saqlashi talab etiladi. Baxtsiz hodisa to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron axborot tizimiga kiritiladi.
Baxtsiz hodisaning xususiyati va og‘irligiga qarab, ish beruvchi tegishli davlat organlari va tashkilotlariga belgilangan tartibda xabar beradi. Guruhiy, oqibati o‘rtacha og‘ir, og‘ir yoki o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar maxsus tartibda tekshiriladi. Tekshiruv jarayoniga mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar, tegishli davlat organlari, kasaba uyushmalari hamda zarur hollarda mutaxassislar jalb etiladi.
Tekshiruv davomida hodisaning sabablari va shart-sharoitlari, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilganligi, ish joyining holati, texnika va uskunalarning xavfsizligi, xodimning mehnat vazifasini bajarish sharoitlari o‘rganiladi. Komissiya guvohlarning ko‘rsatmalarini olishi, zarur hujjatlar, foto va videomateriallar, tibbiy xulosalar, laboratoriya va boshqa tekshiruv natijalaridan foydalanishi mumkin.
Maxsus tekshiruv yakunlari tegishli dalolatnoma va xulosalar bilan rasmiylashtiriladi. Hujjatlarda baxtsiz hodisaning sabablari, mehnatni muhofaza qilish talablarining buzilishiga olib kelgan holatlar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, bunday hodisalarning kelgusida takrorlanishining oldini olish uchun mas’ul shaxslar va chora-tadbirlarni bajarish muddatlari belgilanadi.
Qaror bilan xodimning mehnatda mayib bo‘lishi yoki kasb kasalligiga chalinishi natijasida uning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash qoidalari ham belgilangan. Bunda jabrlanuvchining yo‘qotilgan ish haqi yoki daromadini qoplash, sog‘lig‘ini tiklash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni to‘lash hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lovlarni amalga oshirish tartibi nazarda tutiladi.
Mazkur qaror mehnat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish va xodimlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Baxtsiz hodisalarni o‘z vaqtida xabar qilish, ularni xolis tekshirish, sabablarini aniqlash va profilaktik choralarni ko‘rish xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishning muhim shartlaridan biridir.
Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S.Raimdjanov.