Bitiruvchilarning bandligini hamda ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida 2026-yil 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025‑yil 14‑fevraldagi “Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-61-sonli qaroriga asosan Nukus davlat texnika universitetida “Karyera kuni” loyihasi doirasida “Mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi.

Mehnat yarmarkasida respublikadagi barcha korxonalar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar. Mazkur yarmarkada talabalar bo‘sh ish o‘rinlari hamda ishga joylashish tartib-qoidalari bilan tanishib, ish beruvchi tashkilotlar bilan suhbatlar uyushtirdilar.

Tadbirning keyingi qismida hududdagi soha rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy sho‘basi boshlig‘i T.Baekeev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati boshlig‘i I.Reimov, “O‘zbektelekom” AK Shimoliy filiali direktori A.Djumaniyazov va Nukus davlat texnika universiteti rektori B.Kaipbergenovlar hamda bir qator soha korxonalaridan rahbarlar ishtirok etdilar.

Bu kabi tashabbuslar bitiruvchilarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasi, shaxsiy karyerasini shakllantirishi va barqaror ish o‘rni bilan ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi T.Asamatdinov