Ona tili — shunchaki muloqot vositasi emas, balki millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi oltin ko‘prikdir. U davlatimiz timsoli, millatning madaniy va ma’naviy xazinasi, xalqimizning urf-odatlari va turmush tarzini o‘zida mujassam etgan jonli tarixdir.
Ming yillar davomida shakllanib, sayqallanib kelayotgan o‘zbek tili bugungi kunga o‘z-o‘zidan yetib kelmagan. Dunyo tarixida qanchadan-qancha tillar iste’moldan chiqib, “o‘lik tillar”ga aylangani barchamizga ma’lum. Bizning tilimiz esa qatag‘onlar, turli siyosiy bosimlar va globallashuv to‘lqinlariga qaramay, o‘z jozibasini yo‘qotmadi. Bunda, shubhasiz, buyuk ajdodlarimiz — Alisher Navoiydek so‘z sultonlari, Abdulla Qodiriydek adiblar, ma’rifatparvar jadidlarimiz hamda din va fan arboblarining ma’naviy jasorati mujassam. Ularning fidoyiligi tufayli ona tilimiz bugun davlat tili maqomida mag‘rur yangramoqda.

Bugungi shiddatli axborot asrida muloqot maydoni asosan ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Ming afsuski, virtual olamda imlo qoidalariga rioya qilmaslik, sheva va ajnabiy so‘zlarni aralashtirib so‘zlashish “urf”ga aylanib bormoqda.
Shunday ekan, har bir yozgan izohimiz, jo‘natgan xabarimiz va ijtimoiy tarmoqdagi postimiz bizning madaniyat darajamizni ko‘rsatadi.
Muloqotimiz xoh og‘zaki, xoh yozma shaklda bo‘lsin, til madaniyatiga rioya qilish — bu nafaqat savodxonlik, balki millatga bo‘lgan hurmatdir. Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oynai hayoti — tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmoq millatning ruhini yoʻqotmoqdur”.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, ona tilimizni sof holda kelajak avlodga yetkazish — millatning ruhini omon saqlash demakdir. Ona tilini asrab-avaylash faqat tilshunos olimlar yoki o‘qituvchilarning ishi emas. Bu — har bir O‘zbekiston fuqarosining, har bir vatanparvar insonning muqaddas burchidir. Zero, tili bor millat yashaydi, yuksaladi va dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ladi.
Tayyorladi: Qashqadaryo viloyati EMMX tarmoq muhandisi A.Qudratov