"EMMM" DUK yangiliklari

O‘ZBEK TILI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TABRIK

photo2025-10-2112-37-12.jpg

Har yili 21-oktabr kuni mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanadi.

Aynan shu kuni, bundan 36 yil muqaddam — 1989-yil 21-oktabrda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu tarixiy qaror xalqimizning milliy o‘zligini, g‘ururi va mustaqil tafakkurini ifoda etuvchi muhim voqea bo‘lib, Vatanimiz hayotida o‘chmas iz qoldirdi.

O‘zbek tili — buyuk tarix, boy madaniyat va bebaho ma’naviy meros timsolidir. U millatimizning ruhiy tayanchi, birligimiz, mustaqilligimiz va ma’naviy qudratimizning asosiy ramzlaridan biridir. Ona tilimizda bitilgan adabiy asarlar, ilmiy izlanishlar va ma’rifat durdonalari asrlar davomida xalqimiz tafakkurining yuksakligini namoyon etib kelmoqda.

Bugungi kunda davlat tilimizning nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. O‘zbek tili nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof topmoqda. Raqamli davrda tilimizni zamonaviy texnologiyalar, axborot makoni va ilm-fan sohalarida faol qo‘llash bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Tilimiz sofligini asrash, uni ardoqlash va kelajak avlodlarga boy, go‘zal hamda jozibador holatda yetkazish — barchamizning muqaddas burchimizdir. Har bir fuqaro, har bir xodim davlat tiliga hurmat bilan yondashib, o‘z faoliyatida uni to‘g‘ri, aniq va madaniyatli qo‘llashi bugungi kun talabidir.

Shu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni O‘zbek tili bayrami bilan chin yurakdan tabriklaymiz!

Ona tilimizning nufuzi doimo yuksak bo‘lsin, xalqimiz va yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilsin!

 

Bayramingiz muborak bo‘lsin! 

Faylni tanlang