O‘zbekiston va Tojikiston Aloqa ma’muriyatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida chegaraoldi hududlarda radioelektron vositalarning elektromagnit moslashuvchanligini ta’minlash bo‘yicha muhim amaliy bosqich boshlandi.
Tojikiston Respublikasi Hukumat huzuridagi Aloqa xizmati O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining chegaraoldi hududlarda birgalikda texnik o‘lchovlarni davom ettirish bo‘yicha tashabbusini yuqori baholadi hamda samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasining taklifiga binoan, 2026-yilning 27–30-iyul kunlari Surxondaryo viloyati hududida ikki davlat mutaxassislari ishtirokida radioelektron vositalarning maydon kuchlanganligi bo‘yicha qo‘shma o‘lchov ishlari amalga oshirildi.


Bugungi kunda ikki mamlakatning chegaraoldi hududlarida mobil aloqa operatorlari signallarining bir-birining hududiga keraksiz kirib borishini (xalaqit berishini) minimallashtirish hamda radiochastota spektridan samarali foydalanish dolzarb masala hisoblanadi. Shu munosabat bilan tomonlar quyidagi muhandislik-texnik va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishdi:

Radiomonitoring va axborot almashinuvi: Chegaradosh hududlarda o‘rnatilgan mobil aloqa operatorlari tayanch stansiyalarining maydon kuchlanganligi darajasini birgalikda o‘lchash va natijalar bo‘yicha o‘zaro axborot almashish.
Tarmoqlarni optimallashtirish: Olingan tahliliy ma’lumotlar asosida chegaraoldi aholi punktlarida aloqa sifatini saqlab qolgan holda, boshqa tomon hududiga signal tarqalishini kamaytirish. Buning uchun tayanch stansiyalari antennalarining osilish balandligi, sektorlar yo‘nalishi, quvvati va qiyalik burchaklarini ikki tomonlama aniq sozlash (optimallashtirish).
Ushbu qo‘shma tadbirlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraoldi hududlarda haqiqiy elektromagnit muhitni aniq baholash, radiochastotalardan tartibli foydalanish va eng muhimi — ikkala davlat chegara bo‘yida yashovchi aholisi uchun sifatli, uzluksiz mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Aloqa ma’muriyatlarining bu kabi yaqin hamkorligi ikki birodar mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Surxondaryo viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi J.Islamov