
Joriy yilning 31-mart kuni Andijon viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan Andijon viloyati Davlat bojxona boshqarmasi hamda Zoom ilovasi orqali «Do‘stlik» va «Madaniyat» Davlat bojxona chegara posti xodimlari o‘rtasida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

O‘quv-seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarorining 4-ilovasi «O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib kirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi» mazmun-mohiyati va O‘zbekiston Respublikasi Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan sohaga doir qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berib o‘tildi.
RChRKning 256-sonli qarorida keltirilgan “Respublika hududiga radiochastota organlarining tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarisiz olib kirish, sotish va foydalanish mumkin bo‘lgan kichik radiusda ishlaydigan radioelektron vositalar ro‘yxati bilan prezentatsiya korinishida tanishtirildi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududiga faqat “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasining ruxsati bilan olib kirishga yo‘l qo‘yiladigan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning ro‘yhati va ularning TIF TN kodilari bo‘yicha maʼlumotlar berildi.


Seminar davomida hozirgi kunda mobil aloqa operatorlarining tayanch stansiyalariga radioxalaqitlar taʼsir etayotganligi, yaʼni sifatsiz GSM retranslyator qurilmalari va ularning ishlashi natijasida vijudga kelayatgan salbiy oqibatlari tog‘risida tushunchalar berildi. O‘z navbatida retranslyator qurilmalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining 2022-yil 23-avgustdagi 707-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalaridan foydalanish to‘g‘risida” qarorining mazmun mohiyati bilan yaqindan tanishtirilib o‘tildi.
Andijon viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati va Andijon viloyati Davlat bojxona boshqarmasi xodimlarining o‘zaro samarali hamkorligi natijasida 2022-yilda chegara bojxona postilari orqali 20 dona radioelektron vositalarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy olib kirilishining oldi olinganligi aytib o‘tildi va kelgusida shunday hamkorlikdagi ishlarni tashkil etishda yanada jadallashtirishga kelishib olindi.

O‘quv-seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar berildi.
Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi Shodmonov U.B.