"EMMM" DUK yangiliklari

Radiorele aloqa liniyasida ikki qutbli antenna

Radiorele aloqa liniyalari zamonaviy telekommunikatsiya tizimlarining muhim elementlaridan biridir. Ular radioto‘lqinlar yordamida ma’lumotlarni uzoq masofalarga uzatishni ta’minlaydi. Radiorele aloqa liniyasining asosiy qismlaridan biri antenna bo‘lib, u signal uzatish sifati va ishonchliligida muhim rol o‘ynaydi. Ikki qutbli antennalar aloqa sifatini yaxshilash va xalaqitlarni kamaytirish qobiliyati tufayli tobora ommalashib bormoqda.

Ikki xil qutblanish tekisligida signal yuborish va qabul qilish haqida gap ketganda, odatda gorizontal va vertikal bo‘lgan ikki qutbli antenna yahshi vosita hisoblanadi. Ushbu ikki funksiya aloqa tizimining samaradorligini oshirish uchun juda muhim hamda aloqa tizimlarida o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ikki baravar oshirishga imkon beradi, bunda uzatish chastotasi diapazoni yoki uzatkich quvvatini oshirish talab etilmaydi.

Ikki qutbli antennalar bir vaqtning o‘zida ikki turli tekislikda signallarni uzatish va qabul qilish qobiliyatiga ega. Buning uchun bir-biriga to‘g‘ri burchak ostida joylashgan ikkita elementlar to‘plami yoki antennadan foydalaniladi. Odatda, ular gorizontal va vertikal holatda joylashtiriladi, shunda signallarni o‘zaro ikkita belgilangan tekislikda uzatish va qabul qilish mumkin bo‘ladi. Signal xilma-xilligini yaxshilash va shovqinlarni bostirish bu har xil sharoitlarda ishonchli aloqani ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ikki qutbli antennalarning ikki asosiy afzalligi hisoblanadi. Ikki qutbli antennalar bir vaqtning o‘zida ikki xil qutblanishda signallarni uzatish va qabul qilish orqali ishlaydi. “Qutblanish” atamasi elektromagnit to‘lqinlar muhitda tarqalayotganda ularning qanday yo‘naltirilganligini ifodalaydi. Bir qutbli antennada elektromagnit to‘lqinlar faqat vertikal yoki gorizontal yo‘nalishda tarqaladi. Ammo ikki qutbli antennada to‘lqinlar ikkita belgilangan vertikal va gorizontal yo‘nalishda tarqaladi.

Vertikal qutblanish-elektromagnit to‘lqinning elektr maydoni yer yuzasiga nisbatan vertikal yo‘nalishda tebranadi. Bunday holda, elektr maydoni yerga perpendikulyar bo‘ladi. Bu qutblanish turi ayniqsa shaharlarda, signal binolar orasidan samarali o‘tishi kerak bo‘lgan sharoitlarda yaxshi natija beradi.

Gorizontal qutblanish-elektr maydoni gorizontal tekislikda tebranadi. Bunday holatda elektr maydoni yer yuzasiga parallel yo‘nalgan bo‘ladi. Gorizontal qutblanishda yer yuzasidan aks etish holatlari vertikal qutblanishga qaraganda kamroq bo‘lgani sababli, u uzoq masofali aloqa uchun, ayniqsa qishloq hududlarida, ko‘proq mos keladi. 

Ikki qutbli antennalar har biri muayyan qutblanishga yo‘naltirilgan ikkita nurlantiruvchi elementlar to‘plami orqali amalga oshiradi. Odatda, bu nurlantiruvchi elementlarning kross- qutblangan tarzda joylashtiriladi, ya’ni elementlarning bir to‘plami vertikal, ikkinchisi esa gorizontal ravishda yo‘naltiriladi. Buning natijasida bir xil chastota diapazonida ikkita alohida ma’lumot oqimini uzatish mumkin. Shuningdek, antenna bir vaqtda ikkala qutblanishda signallarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, qabul qilinadigan ma’lumotlar hajmini ikki baravar oshiradi.

RRSni o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yo‘nalishida yanada rivojlanishi XPIC (Cross-Polarization Interference Cancellation) deb nomlangan funksiyaning amalga oshirilishiga olib keldi. Ushbu texnologiya bir chastotada radiosignalni nafaqat bitta vertikal qutblanishda (V), balki gorizontal qutblanishda (H) ham uzatishga imkon beradi. ODUdan chiqadigan ikkita bir qutbli signalni bitta ikki qutbli signalga birlashtirish va aksincha, ularni ajratish jarayonini OMT (Ortho-Mode Transducer) deb ataluvchi mexanik qurilma bajaradi.

photo2025-10-2809-51-39.jpg

XPIC texnologiyasi o‘z nomida funksional imkoniyatini ifodalaydi, ya’ni “kross-qutblanish signalning o‘zaro ta’sirini bostirish” deb ataladi. Ya’ni, agar uzatuvchi tomonida signalning ikki qutblanishi to‘g‘ri o‘rnatilganda qat’iy gorizontal va vertikal yo‘nalishda tarqalsa u holda havo orqali tarqalish jarayonida turli tashqi omillar ta’sirida ular gorizontal va vertikal bir-biriga nisbatan og‘ishi mumkin. Bunday og‘ish signal quvvatining bir qutblanishdan boshqasiga o‘tib ketishiga olib keladi va bu holat xalaqitlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. XPIC texnologiyasi esa ushbu xalaqitlarni bartaraf etadi.

Natijada, XPIC texnologiyasidan foydalanilganda bitta chastotada RRSning o‘tkazish qobiliyati ikki baravar oshadi. Biroq, uni amalga oshirish uchun ODU modullarining sonini ko‘paytirish va AFQ (antenna-figer qurilmasi) uchun qo‘shimcha uskuna OMT moduli talab etiladi. Bunday RRL konfiguratsiyasi 1+0 XPIC yoki oddiygina 2+0 deb ataladi.

RRLning o‘tkazuvchanligini yanada oshirish AFQni takomillashtirish va ODU modullari sonini ortishiga olib keldi. Shu tarzda 2+0 XPIC yoki oddiygina 4+0 yechimi paydo bo‘ldi, bunda ikki xil chastotada 1+0 XPIC konfiguratsiyasi ikki marta amalga oshirilib, to‘rt dona ODU moduli ishlatilgan. Bunday yechim yordamida Common-band diapazonida RRL o‘tkazuvchanligini 4 Gbit/s gacha yetkazish mumkin. Keyinchalik 4+0 XPIC yoki oddiygina 8+0 yechimi paydo bo‘ldi, bunda sakkizta ODU moduli va to‘rtta turli chastota ishlatilgan. Bunday konfiguratsiya yordamida Common-band diapazonida RRS o‘tkazuvchanligini 8 Gbit/s gacha oshirish imkoni bor.

Ikki qutbli XPIC antennalari radiorele aloqa liniyalarining samaradorligini oshirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Ularning o‘tkazish qobiliyatini oshirish va interferensiyaga nisbatan barqarorligini ta’minlash qobiliyati ularni zamonaviy telekommunikatsiya tizimlarida ajralmas qiladi. Bunday antennalarni mavjud tarmoqlarga integratsiya qilish aloqa sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi va foydalanuvchilarning yuqori tezlikdagi ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi.

 

 

RTMHX yetakchi muhandisi

U.Dosmuxamedov

Faylni tanlang