Radiochastota spektridan samarali va qonuniy foydalanishni ta’minlash maqsadida Buxoro viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan muntazam ravishda radiomonitoring tadbirlari o‘tkazilmoqda.
2026-yil avgust oyida manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida Buxoro shahridagi avtomobil turargohlari, ovqatlanish hamda dam olish maskanlari hududida jami 24 dona ko‘chma radiostansiyalardan tegishli ruxsatnomalar olmasdan foydalanish holatlari aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar radioelektron vositalar egalariga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining Buxoro viloyati hududiy sho‘basiga yuborildi. Natijada radioelektron vositalar egalariga nisbatan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi hududida mazkur radioelektron vositalardan foydalanish taqiqlanganligini inobatga olib, ularning kelgusida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ta’minlash maqsadida radioelektron vositalar tegishli vakolatli idoralarga taqdim etildi.
Ruxsatsiz radiochastotalardan foydalanish qonuniy foydalanishda bo‘lgan radioelektron vositalar va radioaloqa tizimlariga xalaqit beradi hamda radiochastota spektridan samarali foydalanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va tashkilotlardan radioelektron vositalardan foydalanishda radiochastota spektridan foydalanishning belgilangan tartibi hamda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishlari so‘raladi.
Buxoro viloyati EMMX 1-toifali muhandisi R. Odilov
