Joriy yilning 10-avgust kuni Andijon viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida “Raqamli jamiyatda shaffof boshqaruv va korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida o‘quv soati tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotida Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimi Sh.Sharifjonov hamda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari ishtirok etdi.Mashg‘ulot davomida bugungi raqamli jamiyat sharoitida davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash hamda ularning oldini olishda zamonaviy raqamli texnologiyalarning o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, elektron davlat xizmatlari, ochiq ma’lumotlar, sun’iy intellekt, Big Data va blokcheyn texnologiyalari korrupsiyaviy holatlarni aniqlash va oldini olishning zamonaviy vositalari sifatida ko‘rib chiqildi. Raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, davlat xizmatlarining shaffofligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkoniyatlari tushuntirildi.
O‘quv mashg‘ulotida zamonaviy raqamli muhitda kriptoaktivlardan korrupsiyaviy maqsadlarda foydalanish xavfiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kriptoaktivlar ayrim holatlarda noqonuniy mablag‘larni yashirish, pora berish yoki mablag‘larning kelib chiqishini murakkablashtirish vositasi sifatida suiiste’mol qilinishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, blokcheyn texnologiyasining tranzaksiyalar bo‘yicha raqamli iz qoldirishi korrupsiyaviy moliyaviy oqimlarni aniqlashda muhim imkoniyat yaratishi qayd etildi. Blockchain-analitika vositalari orqali kriptoaktivlarning harakatini, shubhali tranzaksiyalarni va kriptohamyonlar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni tahlil qilish mumkinligi tushuntirildi.
Mashg‘ulot davomida korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy yondashuv faqat sodir etilgan huquqbuzarlikni aniqlash bilan cheklanmasdan, korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash, monitoring qilish va ularning oldini olishga qaratilishi lozimligi qayd etildi.
Yakunda ishtirokchilarga raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, kriptoaktivlar bilan bog‘liq xavflarni nazorat qilish hamda zamonaviy tahliliy vositalardan foydalanish korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi tushuntirildi.
O‘quv mashg‘ulotida berilgan ma’lumotlar xodimlarning raqamli muhitdagi korrupsiyaviy xavflarni anglash, aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.

Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX muhandisi K.X.Atadjanov