Joriy yilning 8-iyul kuni Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida (EMMX) korrupsiyaga qarshi kurashish hamda korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash yo‘nalishida xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish” mavzusida texnik o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.


Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi O‘RQ-1155-sonli Qonunining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, mazkur Qonun bilan korrupsiya uchun javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-419-sonli Qonuniga kiritilgan yangi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar tushuntirib o‘tildi.

Texnik mashg‘ulot so‘ngida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi borligi yana bir bor alohida ta’kidlandi.
Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX muhandisi I.O.Tojiyev