EMMM yangiliklari

Shaffoflik sari raqamli qadam — “Raqamli komplayens”

Bugungi kunda raqamlashtirish korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali vositalaridan biriga aylanmoqda. Raqamli texnologiyalar inson omilini kamaytirish, davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish hamda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoni asosida “Raqamli komplayens” axborot-dasturiy kompleksi 2026-yil 1-iyuldan sinov rejimida ishga tushirilgan bo‘lib, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va ularning oldini olishda zamonaviy raqamli vosita sifatida xizmat qilishi maqsad qilingan.

photo2026-09-1116-19-24.jpg

Sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda katta hajmdagi ma’lumotlarni qisqa vaqt ichida tahlil qilib, odatiy holatdan farq qiluvchi yoki shubhali jarayonlarni aniqlashga yordam beradi. Masalan, davlat xaridlarida takroriy g‘oliblik, noodatiy narxlar, o‘zaro bog‘liq tashkilotlar yoki boshqa xavf belgilarini tahlil qilish mumkin.

Kompleks doirasida 82 ta davlat organi axborot tizimini bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgan. Bu davlat tashkilotlari o‘rtasida axborot almashinuvini tezlashtirish, ma’lumotlarni kompleks tahlil qilish va korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va ularning oldini olish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, “E-Komplayens” moduli orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar yordamida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash hamda davlat xaridlarida affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash imkoniyatlari yaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Raqamli komplayens” korrupsiyaga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalar va zamonaviy nazorat mexanizmlarini birlashtiruvchi muhim vositadir. Uning joriy etilishi davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Tayyorladi: Qashqadaryo viloyati EMMX radiooperatori R.A.Utayev

Faylni tanlang