EMMM yangiliklari

“Sog‘lom hayot uchun 10 ming qadam”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-son “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida aholining, jumladan, mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va ommaviy sport tadbirlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, ushbu Farmonda davlat organlari va tashkilotlarida rahbar hamda xodimlarning ishdan tashqari vaqtda muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishini ta’minlash, shuningdek, xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish vazifalari belgilangan.

Mazkur hujjatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xodimlarning jismoniy faolligini oshirish va sportni kundalik hayotga keng joriy etishga qaratilgan amaliy tadbirlarni tashkil etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan, Namangan viloyati EMMX jamoasi a’zolari “Sog‘lom hayot uchun 10 ming qadam” shiori ostida har kuni erta tongdan piyoda yurish mashg‘ulotlarini muntazam ravishda amalga oshirib kelmoqdalar.

Ushbu sog‘lomlashtirish harakati xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish bilan birga, mehnat jamoasida o‘zaro hamjihatlik va do‘stona muhitni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Erta tongdagi toza havo, piyoda yurish va faol harakat xodimlarga kun davomida tetiklik, yuqori kayfiyat hamda ishchanlik ruhini baxsh etmoqda.

Namangan viloyati EMMX jamoasi sog‘lom hayot sari tashlangan har bir qadam inson salomatligi va farovonligi uchun muhim ekanini anglagan holda, ushbu foydali odatni kundalik hayot va mehnat faoliyatining ajralmas qismiga aylantirishni maqsad qilgan.

Sog‘lom hayot - faol harakatdan boshlanadi!

10 ming qadam - sog‘lom kelajak sari muhim qadam!

photo2026-09-3017-40-08.jpg

 

Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX radiooperatori Q.Qo‘chqorov

Faylni tanlang