Surxondaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik rejasiga muvofiq hududda keng ko‘lamli targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarorining 3-ilovasiga asosan olib borilmoqda.

Olib borilgan tizimli nazorat va tushuntirish ishlari natijasida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar respublikamiz hududiga foydalanish uchun taqiqlangan radiostansiyalarni bojxona postlari orqali olib kirishga urinish bilan bog‘liq jami 16 ta holat aniqlandi.

Aniqlangan har bir holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati mutaxassislari tomonidan radioelektron vositalar (REV) bo‘yicha texnik ekspertiza o‘tkazildi. O‘tkazilgan texnik tekshiruvlar natijasida mazkur qurilmalar belgilangan talablarga javob bermasligi va ularni noqonuniy olib kirish holatlari tasdiqlandi.

Natijada taqiqlangan radiostansiyalarning mamlakatimiz hududiga noqonuniy kirib kelishining oldi olindi. Bu esa radiochastota spektridan qonuniy va xavfsiz foydalanishni ta’minlash, shuningdek, aloqa tizimlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan elektromagnit xalaqitlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu kabi nazorat tadbirlari izchil davom ettiriladi. Fuqarolar va tadbirkorlardan esa radioelektron vositalarni olib kirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish so‘raladi.
Surxondaryo EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi J.X.Islamov