Joriy yilning 21-oktabr kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi hamda korxona xodimlari birgalikda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “Taskin” deb nomlangan O‘zbekiston Respublikasidagi birinchi bolalar xospisiga tashrif buyurishdi.
Murg‘ak qalb egalarini kayfiyati va ruhiyatini ko‘tarish maqsadida mult qahramonlaridan iborat bo‘lgan animatorlar taklif etildi.
Shuningdek, bolajonlarga turli xil adabiyotlar to‘plami va qiziqarli o‘yinchoqlar tuhfa qilindi.
Bolajonlar bilan samimiy muloqotlar qilinib, muassasadagi shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan ham yaqindan tanishildi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytishimiz joizki, “Taskin” birinchi bolalar xospisi O‘zbekiston Prezidentining PQ-310 sonli qaroriga binoan SSV va “Ezgu amal” jamoat fondi yordamida Zangiota ixtisoslashtirilgan va ko‘pprofilli yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida ochilgan.
Uning asosiy vazifasi — kasalligi davosiz holatdagi bemor bolalarning hayotini yaxshilash va qolgan umrining har bir kuniga mehr-muhabbat berish hamda g‘amxo‘rlik qilish.
Xospis ayni damda 20 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, onkologik bemor bola va uning oila a’zolariga ijtimoiy-psixologik madad beradi, ya’ni kasallikning to‘rtinchi oxirgi bosqichidagi bolajonlarga hamda ota-onalarga taskin berish uchun xizmat qiladi.
Mazkur xospis, yaxshilik va ezgulik istagidagi volontyorlar uchun doimo ochiq va iliq kutib olishadi.
Mehr ulashishda davom etamiz…