31 mart – 3 aprel kunlari Surxondaryo viloyati Termiz shahrida O‘zbekistonning raqamli rivojlanish yo‘lidagi muhim loyihalardan biri “National AI Hackathon” ning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbir mamlakatda sun’iy intellekt (SI) sohasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan.

Hakaton doirasida 300 dan ziyod yosh mutaxassislar o‘z jamoalari bilan birgalikda turli yo‘nalishlarda ilg‘or SI-yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ishtirokchilar real hayotiy muammolar ustida ishlab, ularni zamonaviy texnologiyalar yordamida hal etishga harakat qilmoqda. Bu esa ularning nafaqat nazariy bilimlarini, balki amaliy ko‘nikmalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida qatnashchilar tajribali mentorlar tomonidan yo‘naltirilib, ulardan muhim tavsiyalar olishmoqda. Shuningdek, har bir loyiha malakali ekspertlar tomonidan baholanib, eng istiqbolli ishlanmalar keyingi bosqichlarga tavsiya etiladi hamda rivojlantiriladi.
Mazkur hakatonda Surxondaryo viloyati EMMX xodimi ham kuzatuvchi mentor sifatida ishtirok etib, yosh va iqtidorli ishtirokchilar bilan o‘z bilim va tajribasini o‘rtoqlashmoqda. Bu esa tadbirning samaradorligini yanada oshirib, yoshlarning professional rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“National AI Hackathon” kabi tashabbuslar O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, yoshlarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish va kelajak texnologiyalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi
J.X. Islamov