Soha yangiliklari

O‘zbekiston va Koreya raqamli hukumat sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi

Raqamli texnologiyalar vazirligida Koreya Respublikasi Hukumat siyosatini muvofiqlashtirish boshqarmasi direktori Xan Rejina, Koreya Eksimbanki (KEXIM)ning O‘zbekistondagi bosh vakili Kan San Jin hamda RISTI Consulting bosh direktori Li U Son boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov, vazir o‘rinbosari Jamol Maxsudov hamda vazirlikning mas’ul rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.

Muloqot davomida "Elektron hukumatning integratsiyalashgan ma’lumotlar markazini tashkil etish" loyihasini amalga oshirishning bugungi holati, loyiha doirasida bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar hamda uni belgilangan muddatlarda samarali yakunlash bo‘yicha navbatdagi vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur loyiha doirasida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va keyingi bosqichlarni izchil amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida raqamli hukumatni rivojlantirish, davlat boshqaruvida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish hamda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni izchil davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tomonlar amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning samarali ijrosi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etib, istiqboldagi hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Faylni tanlang