Soha yangiliklari

Cyber Universityda Palo Alto Networks laboratoriyasi ishga tushirildi

Cyber Universityda kiberxavfsizlik yo‘nalishida amaliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Palo Alto Networks o‘quv-tadqiqot laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Palo Alto Networks — tarmoq xavfsizligi, kiberxavflarni aniqlash va ularga javob qaytarish, Security Operations hamda zamonaviy korporativ infratuzilmalarni himoyalash bo‘yicha yechimlar ishlab chiquvchi xalqaro kompaniya. Kompaniyaning Cybersecurity Academy dasturi dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidagi minglab maktab, kollej va universitetlarda ta’lim jarayonida qo‘llaniladi.

Cyber Universityda tashkil etilgan yangi laboratoriya talabalarning nazariy bilimlarini real texnologiyalar asosidagi amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlash imkonini beradi. Laboratoriya Palo Alto Networks’ning PA-850 yangi avlod tarmoq xavfsizligi qurilmalari, Panorama markazlashtirilgan boshqaruv tizimi hamda Cortex XDR platformasi asosida tashkil etilgan.

 

Mazkur texnologiyalar yordamida talabalar tarmoq trafigini boshqarish va himoyalash, xavfsizlik siyosatlarini sozlash, hodisalarni monitoring qilish, kiberhujum alomatlarini aniqlash, incidentlarni tahlil qilish va ularga javob qaytarish jarayonlarini amaliy muhitda o‘rganadi.
Xususan, Cortex XDR platformasi Security Operations, incidentlarni tekshirish va tahdidlarni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Panorama platformasi esa yangi avlod xavfsizlik devorlarini yagona markazdan boshqarish va xavfsizlik siyosatlarini administratsiya qilish imkonini beradi.
Yangi laboratoriyada o‘quv mashg‘ulotlari, amaliy laboratoriya ishlari, kiberxavfsizlik bo‘yicha tadqiqotlar hamda talabalar uchun maxsus treninglar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Laboratoriyaning ishga tushirilishi Cyber Universityda kiberxavfsizlik bo‘yicha ta’limni amaliyot bilan yanada uyg‘unlashtirish, talabalarni professional muhitga tayyorlash va zamonaviy kiberxavfsizlik texnologiyalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Faylni tanlang