Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch shahridagi IT Park rezidenti — “Revolution Global” MChJ faoliyati bilan tanishdi.

Kompaniya yuqori texnologik yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan AT kompaniya bo‘lib, bugungi kunda uning loyihalari ustida 40 nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Kompaniya faoliyati fintech, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, raqamli xizmatlar, innovatsiyalar va media yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Bugungi kunda korxona tomonidan “TezPay”, “Tezda”, “TangaPay” va “Yubor” — raqamli to‘lovlar va pul o‘tkazmalari kabi bir qator zamonaviy fintech loyihalarni amalga oshirilmoqda.
Avtomato.uz — biznes jarayonlarini kompleks avtomatlashtirishga mo‘ljallangan SaaS platforma. U nasiya savdosini boshqarish, mijozlarni skoring qilish, ombor hisobini yuritish, POS tizimlari, xodimlarni boshqarish va marketing jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi. Hozirda platformadan 100 dan ortiq korporativ mijoz foydalanmoqda. Loyihaga “Imkon Ventures” tomonidan 100 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. 2026-yil yakuniga qadar mijozlar bazasini 500 tadan oshirish va yangi biznes yo‘nalishlari uchun maxsus yechimlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
TezAvia va ParvozSIM — sayohat, aviatsiya va telekommunikatsiya sohalarida raqamli xizmatlarni taqdim etishga yo‘naltirilgan platformalar.
REVO Lab — innovatsion loyihalar va startaplarni rivojlantirish, yangi texnologik yechimlarni ishlab chiqish hamda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan innovatsion yo‘nalish.
REVO Podcast — tadbirkorlik, biznes va texnologiyalar yo‘nalishida media kontent va podkastlar yaratishga qaratilgan loyiha.
REVO Speaker — sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan, o‘zbek tilida adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda tabiiy va xatosiz muloqot qila oladigan milliy ovozli assistent va aqlli kolonkani yaratishga qaratilgan loyiha. Loyiha O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi zamonaviy ovozli texnologiyalarni rivojlantirish hamda foydalanuvchilar uchun qulay raqamli xizmatlarni yaratishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida vazir Sherzod Shermatov kompaniyaning ilg‘or loyihalari va dasturiy yechimlari bilan yaqindan tanishdi. Loyihalarni yanada rivojlantirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda kompaniyaning istiqboldagi faoliyati yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan hududlarda AT kompaniyalar faoliyatini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yangi texnologik yechimlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.