EMMM yangiliklari

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

photo2025-12-1017-08-04.jpg

10-dekabr sanasi yurtimiz tarixida alohida o‘rin tutadi. Aynan shu kuni — 1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan bo‘lib, u xalqimizning mustaqilligi, qadriyati va o‘zligining muhim ramziga aylandi.

Davlat madhiyasi — bu oddiy qo‘shiq emas, u yurtimizning shon-shuhrati, tarixiy o‘tmishi, ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi aks etgan ulug‘vor madhiyadir. Madhiyaning so‘zlari O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, musiqasi esa bastakor Mutal Burhonov tomonidan yaratilgan. Bu asar xalq ruhiyatiga chuqur singib, har birimiz uchun g‘urur, mas’uliyat va birlik timsoliga aylangan.

Madhiyamiz yangraganda, har bir yurtdoshning yuragida Vatan uchun sadoqat, uning ravnaqi uchun fidoyilik va kelajakka bo‘lgan ishonch kuchayadi. Ayniqsa, xalqaro maydonlarda sportchilarimiz, san’atkorlarimiz yoki elchilarimiz madhiyamiz ostida e’tirofga sazovor bo‘lganda, bu faxr tuyg‘usi yanada yuksaladi.

Bugun mamlakatimizda yoshlar tarbiyasida madhiyaning ma’naviy-ruhiy ahamiyati juda yuqori. Maktab va oliygohlarda tadbirlar, davlat xizmatlarida ish boshlanishlarida madhiyaning jaranglashi milliy g‘oya va istiqlol qadriyatlariga hurmatni mustahkamlamoqda. 

Shu borada, bizning korxonada ham doim ish vaqti boshlanishidan oldin 9:00 da har kuni madhiya sadolari yangraydi, bu xodimlarning vatanga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Bu muhim kunda Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etamiz. Yurtimizda tinchlik, ravnaq va taraqqiyot doimo barqaror bo‘lsin!

 

Bayramingiz muborak, aziz Vatandoshlar!

Faylni tanlang